Ulan-Batorda (Mo‘g‘uliston) bo‘lib o‘tgan YUNESKOning Osiyo va Tinch okeani havzasi bo‘yicha Jahon xotirasi qo‘mitasining 10-yig‘ilishida YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy komissiyasining ikkita nominatsiyasi “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.

“Jahon xotirasi” ro‘yxatiga “Turkiston albomi (1871−1872)” va “Xudoybergan Devonovning Xorazm vohasi fotosuratlari (1879−1937)” nominatsiyalari kiritildi.

“Fotografik negativlar va fotosuratlar to‘plami ko‘rinishidagi hujjatli meros Xorazmning (Amudaryoning quyi oqimi, Xorazm vohasi) tarixiy-madaniy va mahalliy o‘ziga xosligidan hamda XIX asr oxiri — XX asr birinchi uch o‘n yilligidagi tarixiy-madaniy o‘zgarishlardan dalolat beradi”, — deyiladi xabarda.

жаҳон xotirasi, маданият va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, юнеско

“Turkiston albomi (1871−1872)” nominatsiyasi ilmiy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan nodir fotosuratlar va rangli tasvirlarni o‘z ichiga olgan hamda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondlarida saqlanadi. “Turkiston albomi” tarixiy, arxeologik, etnografik va hunarmandchilik bo‘limlaridan iborat. Albom milliy fotosuratlardan olingan materiallarning to‘liqligi va o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.

Ushbu to‘plam 1871−1872-yillarda tuzilgan va 4 qismdan — arxeologik, etnografik, hunarmandchilik va tarixiy — va 10 jilddan iborat. Albomning arxeologiya va etnografiyaga bag‘ishlangan qismini sharqshunos olim A. L. Kun tayyorlagan. Agronom M. I. Brodovskiy va botanik I. I. Krauze hunarmandchilik bo‘yicha, V. P. Ivanov rasm bo‘yicha, M. A. Rotmeyster esa harbiy tarixga oid materiallar to‘plagan. “Turkiston albomi”ning fotosuratlari N. N. Nexoroshev tomonidan olingan.

жаҳон xotirasi, маданият va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, юнеско

Ikkinchi nominatsiya “Xudoybergan Devonovning Xorazm vohasi fotosuratlari (1879−1937)” xivalik o‘zbek fotograf-novatori, kinematografi, rejissyori va operatori Xudoybergan Devonovning kolleksiyasini aks ettiradi.

Devonov to‘plami Xorazm rivojlanishining turli davrlarini o‘z ichiga oladi: Muhammad Rahimxon II, Feruz (1864−1910), Asfandiyorxonning (1910−1918) hukmronlik yillari, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR, 1920−1924) va O‘zSSR (1925−1937) tashkil topgan yillar. Bu ashyolar Turkiston o‘lkasining burilish nuqtalarida sodir bo‘lgan real voqealarning yagona ko‘rgazmali dalilidir, deya ta’kidladi jamg‘arma.